Vazir o‘rinbosarlari Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi

Bugun, 6-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Temurjon Komilov Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Xususan, o‘quv binolari, zamonaviy auditoriyalar, axborot-resurs va IT-inkubatsiya markazlari, laboratoriyalar ko‘zdan kechirildi. Ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, yoshlar uchun qulay va zamonaviy muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosarlari talabalar bilan muloqot qilib, ularning fikr-mulohazalari, tashabbuslarini tingladi. Muloqot davomida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati, ta’lim sifatini ta’minlash, o‘quv jarayoni va ilmiy ishlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Vazir o‘rinbosarlari tomonidan yuqori salohiyatli pedagog kadrlar tayyorlash ishlarini yanada takomillashtirish hamda yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish borasida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
