NukusDPI hayoti haqidagi fotosuratlar ko‘rgazmadan o‘rin oldi va tanlovda yuqori baholandi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazmalar saroyida “Qoraqalpog‘iston: kecha va bugun” mavzusidagi fotoko‘rgazmaning ochilishi hamda fototanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 10 nafardan ortiq fotosuratchilar o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, eng yaxshi deb topilgan 5 nafar muallifning 80 dan ortiq fotosuratlari ko‘rgazmadan o‘rin oldi.

Quvonarlisi, ular orasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot kotibi Islam Matekov muallifligidagi institut hayotiga bag‘ishlangan fotosuratlar yuqori baholanib, 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi va tashkilotchilar tomonidan diplom hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tanlovning maqsadi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, infratuzilmaviy o‘zgarishlar va yoshlar faolligini keng jamoatchilikka yetkazish va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashdir.

NukusDPI matbuot xizmati.