Qoraqalpoq tilshunosligining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakulteti qoraqalpoq tili kafedrasi tashkilotchiligida “Qoraqalpoq tilshunosligining dolzarb masalalari: nazariya, amaliyot, metodika” mavzusida II respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Q.Bekbergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining maslahatchisi – departament boshlig‘i, filologiya fanlari doktori (DSc) P.Dabilov, “Erkin Qoraqalpog‘iston” gazetasining maxsus muxbiri, jurnalist G.Juginisova, institutning maktabgacha ta’lim kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori (DSc) G.Jumasheva ma’ruza qildi.
Shuningdek, konferensiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti professori P.Najimov, Nukus shahri hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi B.Abdireymov, institut professorlari Q.Qoshanov, G.Qurbaniyazov, boshqa oliy o‘quv yurtlaridan olimlar, ta’lim muassasalaridan o‘qituvchilar, institut professor-o‘qituvchilari, doktorant va magistrantlar, yosh izlanuvchilar va talabalar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya dasturi bo‘yicha uchta seksiya ishi davom etib, unda qoraqalpoq tilshunosligini tadqiq etishdagi dolzarb masalalar, tilshunoslik va adabiyotshunoslikni tadqiq etishdagi yangi yo‘nalishlar, qoraqalpoq tili va adabiyotini o‘qitishda zamonaviy yondashuv bo‘yicha, shuningdek, qoraqalpoq tili bilan boshqa tillarni qiyosiy o‘rganishga oid ilmiy ma’ruzalar o‘rin oldi.
O‘tkazilgan konferensiya turkiy tillar tizimida qoraqalpoq tilining davlat tili sifatidagi o‘rni, bugungi kunda uchrayotgan muammolar, ularni hal etish uchun oldinda turgan vazifalar, qoraqalpoq tili rivojlanishining huquqiy asoslari, internet tarmoqlarida qoraqalpoq tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashuvlar bilan davom etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
