Institutda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Hurzada Reyimqulova ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquqiy savodxonlik darajasini oshirish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda profilaktik tadbirlarning ahamiyatini keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda fakultet dekanlarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, institutning profilaktika inspektorlari, tyutorlar va talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda podpolkovnik Hurzada Reyimqulova so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlar tarbiyasi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, zararli illatlar va turli salbiy oqimlardan himoya qilish masalalari dolzarb ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari, ularni barvaqt aniqlash va oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan to‘liq javob oldi. Xususan, yoshlar o‘rtasida kiberxavfsizlik, giyohvandlikka qarshi kurash, zo‘ravonlik va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.
