Zamonaviy ta’lim tizimlariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-uslubiy seminar bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetida iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi tomonidan “Yoshlarning zamonaviy ta’lim tizimiga munosabati: sun’iy intellektning afzalliklari va kamchiliklari” mavzusida xalqaro ilmiy-uslubiy seminar tashkil etildi.
Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi mudiri Z.Qurbaniyazova rahbarligida o‘tkazilgan seminarda onlayn formatda Qozog‘iston Respublikasi Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universiteti boshlang‘ich ta’lim kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi A.Kariyev, Rossiya Federatsiyasi Kuban davlat universiteti talaba-yoshlari, shuningdek, institut talabalari ishtirok etdi.
Seminar zamonaviy ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning ta’lim sifati va samaradorligiga ta’siri masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Tadbirda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan ta’lim platformalari, avtomatlashtirilgan baholash tizimlari, yoshlarning zamonaviy ta’limga bo‘lgan munosabati, raqamli savodxonlik darajasi va innovatsion texnologiyalar bo‘yicha fikr almashildi.
Seminar yakunida faol ishtirok etgan talabalarga sertifikatlar topshirildi.
