Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishi

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Davlatimiz rahbarining yaqinda Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi va muloqotida ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, startap va innovatsion loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar bu boradagi ishlarni yanada tizimli va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, avvalo, har bir yoshning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, xorijiy tillarni puxta o‘rganishi, raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va mehnat bozorida munosib o‘rin topishini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bugungi globallashuv sharoitida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash har qachongidan ham dolzarb masalaga aylandi.

Bugungi kunda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 13 mingdan ziyod talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Institutda talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida xorijiy tillar, axborot texnologiyalari, shuningdek, raqamli savodxonlik yo‘nalishlarida qo‘shimcha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ushbu kurslar orqali yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish maqsad qilib belgilangan.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlanganidek, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun moliyaviy resurslar va imtiyozli kreditlar hajmini kengaytirish, startap loyihalarga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha belgilangan vazifalar yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etish va mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashning asosiy omilidir.

Institutda bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularni hayotga tatbiq etish maqsadida «Kelajakka qadam» markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markazda tegishli banklarning mas’ul xodimlari, shuningdek, taniqli tadbirkorlar ishtirokida «Biznes g‘oyadan tayyor loyihagacha» mavzusida seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda. Buning natijasida, hozirgi kunga qadar institutning 69 nafar talabasiga jami 2 milliard 220 million so‘mga yaqin miqdordagi kredit mablag‘lari ajratildi va ular o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini boshlab yubordi.

Yoshlar bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni institut miqyosida samarali amalga oshirish maqsadida:

1) Talabalar uchun chet tillari, IT va zamonaviy kasblar bo‘yicha bepul yoki imtiyozli kurslar tashkil etish;

2) Yoshlarning innovatsion loyihalarini saralash, mentorlik tizimini joriy etish va investorlar bilan bog‘lash;

3) Biznes reja tuzish, grant va kredit olish mexanizmlari bo‘yicha «Kelajakka qadam» markazi faoliyati samaradorligini oshirish;

4) Volontyorlik, ekologiya va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tashabbuslarni, ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;

5) Ilm-fan va innovatsiyalarni integratsiyalash – talabalarning ilmiy ishlanmalarini ishlab chiqarish bilan bog‘lash, amaliyot bazalarini kengaytirish borasida oldimizga yuksak maqsadlarni belgilab oldik.

Alohida ta’kidlash joizki, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar ularning tashabbuskorligi va shijoati bilan uyg‘unlashgan taqdirdagina yuksak natijalar beradi. Har bir talaba o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, bilim va tajribasini oshirishga intilsa, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.

Bugun biz, oliy ta’lim sohasi mutasaddilari va professor-o‘qituvchilar, Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etish, yoshlarning har bir g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash va ularning yetuk kadrlar bo‘lishi uchun zarur sharoit yaratishni o‘zimizning asosiy vazifamiz deb hisoblaymiz.

Zero, Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni – bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlar qo‘lida.

Alisher Ubbiyev,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.