Taniqli jurnalist va yozuvchi Perdegul Xojamuratova bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakultetida Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Perdegul Xojamuratova bilan “Ijodga ilhomlantirgan kuch” mavzusida uchrashuv kechasi bo‘lib o‘tdi.

Talaba-yoshlarning badiiy ijodga, jurnalistika va kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni erkin fikrlash va ijod bilan shug‘ullanishga ruhlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari dastlab Ajiniyoz muzeyida bo‘ldi.

Uchrashuvda fakultet dekani Gulbahar Begmuratova so‘zga chiqib, Perdegul Xojamuratovaning jurnalistlik faoliyati, yozuvchining ijodiy ishlari haqida ma’lumot berdi.

Qozoq tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi talabalari yozuvchining asarlari, ularning mazmunini ishtirokchilarga tanishtirdi.

Uchrashuv davomida Perdegul Xojamuratova o‘zining hayoti va ijod yo‘li, jurnalistika sohasiga kirib kelishi, ilk maqola va asarlari, shuningdek, ijodiy ishlari davomida duch kelgan sinovlar va to‘plagan tajribalari haqida so‘zlab berdi.

Talaba-yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan savol-javoblar juda qizg‘in bo‘ldi. Yoshlar jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari bilan birga, adiba asarlarining mazmuni, mavzusi, syujeti bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Adiba yoshlarga o‘z ustida tinimsiz ishlash, ko‘p kitob o‘qish va qobiliyatini oshirib borish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Uchrashuv yakunida qozoq tili va adabiyoti kafedrasi mudirasi Iristi Quttimuratova so‘zga chiqib, Perdegul Xojamuratovaning asarlari yoshlar orasida sevib o‘qilishini ta’kidladi va mehmonga bayram sovg‘alarini topshirdi.

Tadbir institutning iqtidorli talaba-yoshlari ijrosidagi badiiy-adabiy bo‘lim bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.