Yoshlarni zararli oqimlardan himoya qilish va ogohlikka chorlash maqsadida uchrashuv tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni turli yot g‘oya va zararli oqimlardan himoya qilish, shuningdek, fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida “Men diniy ekstremizm va terrorizm tahdidini qanday tushunaman?” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Hurayim Ibraimova, ushbu boshqarmaning bosh mutaxassisi Xudaybergen Nezamatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimi Fayz Quandiqov, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda mutaxassislar diniy ekstremizm va terrorizmning jamiyat taraqqiyotiga keltiradigan salbiy oqibatlari, shu kabi tahdidlarning asl mohiyati, ularning yoshlar ongiga ta’sir usullari, shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan zararli g‘oyalarning xavfi haqida tushunchalar berdi.
So‘zga chiqqanlar ekstremizm va terrorizmning din bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini, aksincha, buzg‘unchi kuchlar tomonidan din niqobi ostida amalga oshirilishi hayotiy misollar orqali tushuntirildi.
Ishtirokchilar o‘z fikrlarini bildirib, mavzu atrofida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan aniq javoblar oldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
