“O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” festivali – millatlararo do‘stlik va hamjihatlik ramzi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy xilma-xillikni yanada mustahkamlash, talabalar o‘rtasida hamjihatlik va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish maqsadida, shuningdek, “Payshanba – yoshlar kuni” munosabati bilan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida “Biz – bir oila farzandlarimiz” mavzusida millatlararo totuvlik va do‘stlik festivali tashkil etildi.
Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Alisher Allaniyazov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Begdulla Sultanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qozoq milliy-madaniy markazi rahbari Asqar Umbetayev, institut professor-o‘qituvchilari, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov, shuningdek, mehmonlar so‘zga chiqib, hozirgi globallashuv davrida millatlararo totuvlik, o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik munosabatlari jamiyatimiz va davlatimizning har tomonlama rivojlanishida muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidladi.
Institutning Filologiya fakulteti tomonidan tashkil etilgan festival mohir qo‘llar, hunarmand va sportchi yoshlarning ko‘rgazmasi bilan boshlangan bo‘lsa, “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talaba-yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Festivalda talaba-yoshlar qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq va turkman xalqlarining milliy urf-odat va an’analaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etib, birgalikda turli millat vakillarining jo‘shqin qo‘shiqlariga raqsga tushdi hamda festivalning yuqori saviyada o‘tishiga hissa qo‘shdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, hozirgi vaqtda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 13 mingdan ortiq talaba-yoshlar ta’lim olayotgan bo‘lib, ta’lim dargohida qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, ukrain, koreys, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, boshqird, uyg‘ur va tatar kabi umumiy 11 millatga mansub talabalar bir oilaning farzandlaridek, hamjihatlikda ta’lim olmoqda.
Institutda ushbu yo‘nalishdagi tadbirlar muntazam o‘tkazilishi belgilangan.
NukusDPI matbuot xizmati.
