Namunali o‘quvchilarga “Akademik litsey iftixori” stipendiyasi topshirildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti akademik litseyida o‘quv jarayoni va semestr yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda litsey direktori Q.Qalxorazov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ahamiyati va shu asosda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda semestr natijalariga ko‘ra barcha fanlardan yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan, tashabbuskor va har tomonlama faol 10 nafar o‘quvchiga akademik litsey Kengashining qarori asosida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida “Akademik litsey iftixori” stipendiyasi topshirildi.
Albatta, bilimli va har tomonlama namunali yoshlarga qaratilayotgan bunday e’tibor ularga katta motivatsiya bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
