Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazishning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot uchrashuvi tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Xotin-qizlar maslahat kengashi tashabbusi bilan “Biz – zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshimiz” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi yurist konsultanti E.Yembergenova hamda institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Bekchanova tomonidan talaba-qizlarga xotin-qizlar o‘rtasida uchraydigan zo‘ravonlik turlari, uning ijtimoiy oqibatlari, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati va kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Mutaxassis tomonidan huquqiy madaniyatni yuksaltirish, oilaviy munosabatlarda sog‘lom muhitni shakllantirish, nizoli vaziyatlarni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Tadbir davomida talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.

NukusDPI matbuot xizmati.