Yoshlarning innovatsion va startap loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Payshanba – yoshlar kuni” munosabati bilan yoshlarning ilmiy-innovatsion va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Muzaffar Alimov, institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori vazifasini bajaruvchisi Gulbahar Begmuratova, iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Qahraman Tashanov, shuningdek, startap loyihalar bo‘yicha amaliy ishlar olib borayotgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida talabalar tomonidan ishlab chiqilayotgan startap loyihalar taqdimoti o‘tkazilib, mutaxassislar ishtirokida keng muhokama qilindi. Shu bilan birga, yoshlarning innovatsion g‘oyalari, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi takliflari tinglandi. Mutaxassislar tomonidan ularni yanada takomillashtirish, amaliy bosqichga olib chiqish hamda investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

NukusDPI matbuot xizmati.