“El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida uchrashuv tashkil etildi

Bugun, 24-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida xalqaro taʼlim dasturlarini ommalashtirish, yoshlarni global akademik hamjamiyatga jalb etish va Oʻzbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli taʼlim marafoni – “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda jamg‘arma ijrochi direktori Gulnoza Ismailova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali boshlig‘i Adilbek Reimbayev, institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda mutasaddilar jamg‘arma faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan vazifalar hamda davlat xizmatchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda jamg‘arma tomonidan davlat xizmatchilarining xorijdagi ilg‘or ishlab chiqarish ish o‘rinlarida maqsadli stajirovkalarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotgan bo‘lib, bu borada Boshqaruv samaradorligi agentligi tavsiyasi asosida, shuningdek, hamkor xorijiy davlatlar bilan ochiq tanlov e’lon qilish orqali ishlar tashkil etilmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javoblar oldi.
Bu boradagi uchrashuvlar Nukus shahri bilan birgalikda Kegeyli va Beruniy tumanlarida ham o‘tkazilishi belgilangan.
NukusDPI matbuot xizmati.
