Bayram sayillari doirasida sport turlari va milliy o‘yinlar bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” mavzusidagi bayram sayillari doirasida sport turlari va milliy o‘yinlar bo‘yicha fakultetlar o‘rtasida musobaqalar tashkil etildi.

Milliy kurash, tosh ko‘tarish, qo‘l kurashi, arqon tortish va lanka tepish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirokchilar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

– Ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan ushbu sport turlari va milliy o‘yinlar yoshlarimizning jismoniy va ma’naviy barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun xizmat qiladi. Bu orqali biz mahoratli sportchi yoshlarni aniqlashni ham maqsad qilganmiz, – deydi jismoniy tarbiya va sport kafedrasi mudiri, professor Asqar Niyazov.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, institut rektorati hamda sport klubi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Institutda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.