NukusDPIda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 26-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” mavzusidagi teatrlashtirilgan musiqiy-xoreografik konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, vazirlik hamda tashkilotlar mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, taniqli ziyolilar, olimlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, shuningdek, institut atrofidagi mahallalar aholisi, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Bayram tadbirida institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilar va mehmonlarni ulusning ulug‘ kuni, sharq xalqlarining yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.
Teatrlashtirilgan konsert dasturida institutning “To‘maris” ashula va raqs xalq ansambli, “Siy perde”, “Tarannum”, “Baldauren” va boshqa ansambllari, “Turon” teatr-studiyasi, shuningdek, bir guruh iqtidorli talabalar, magistrantlar, institut bitiruvchilari tomonidan milliy urf-odatlar, an’analar aks etgan sahna ko‘rinishlari, qo‘shiqlar, raqslar ijro etilib, millatlararo totuvlikni tarannum etuvchi qoraqalpoqcha, o‘zbekcha, qozoqcha, turkmancha, qirg‘izcha, ruscha, shuningdek, mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi va yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
