NukusDPIda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Bayrambay Otemuratov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i, akademik Axmed Reymov, shuningdek, institut tayanch doktorantlari, doktorantlar, mustaqil va stajyor-izlanuvchilar, institut huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash a’zolari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish, tadqiqot bo‘yicha maqolalar chop etish, ishni rasmiylashtirish, e’lon qilish, loyihalarda ishtirok etish, seminarlarni tashkil etish tartibi, ilmiy-tadqiqot faoliyatini amaliyotga joriy etish, antiplagiat tekshiruv jarayoni, dotsentlik, professorlik darajalarini olish bilan bog‘liq o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu bosqichlarda mavjud muammolarni qayd etdi.
OAK raisi uchrashuvda ta’kidlangan barcha masalalar bo‘yicha o‘z xulosalarini bildirib, yo‘l-yo‘riqlar berdi va professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar tomonidan bildirilgan fikr-takliflar bo‘yicha tegishli ishlar olib borilishini ma’lum qildi.
Uchrashuvda ilmiy izlanuvchilar o‘zlarining savollariga batafsil javoblar oldi.
NukusDPI matbuot xizmati.


