Qoraqalpoq tilshunosligi va ta’lim-tarbiya sohasida og‘ir yo‘qotish

Taniqli olim va metodist, filologiya fanlari doktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi a’lochisi, mehribon inson, fidoyi ustoz Maqset Ayimbetov Qalliyevich vafot etdi.

Ayimbetov Maqset Qalliyevich 1954-yil 1-yanvarda Nukusda tug‘ildi. 1977-yil Toshkent davlat universitetining Matematika fakultetini tugatgandan so‘ng Nukus davlat universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. So‘ngra Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga ishga o‘tdi. Mehnat faoliyati davomida institutning boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi va qoraqalpoq tili kafedralarini boshqardi.

1987-yil O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida “Qoraqalpoq publitsistik matnlari leksikasi va morfologiyasining lingvo-statistik tahlili” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1994-yil 4-dekabrda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi X.Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutida “Turkiy tillarning kvantativ-tipologik yaqinligini aniqlashdagi muammolar va metodlar” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Yangi soha bo‘yicha izlangan M.Ayimbetovning ishlari AQSH, Germaniya, Italiya, Ruminiyaning taniqli mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi.

Namunali oila boshlig‘i, mehribon ota, farzandlari, shogirdlarini vatanparvar insonlar etib tarbiyalagan muhtaram ustoz, pedagog olim Ayimbetov Maqset Qalliyevichning yorqin xotirasi doimo bizning yodimizda saqlanib qoladi.

Marhumning oila a’zolari, yaqinlari, barcha shogirdlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati, jamoat tashkilotlari, Filologiya fakulteti va qoraqalpoq tili kafedrasining jamoasi.