NukusDPI talabalari ommaviy yugurish marafonida g‘olib bo‘ldi

Shu yilning 29-mart kuni Nukus shahrida «Silk Road Nukus», «Talaba yugur», «Inson uchun» va bolalar ishtirokida «Kids Run» ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.

10 km, 5 km va turli masofalarga o‘tkazilgan marafonda sportchilar, harbiy xizmatchilar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, shuningdek, mahallalardan 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardan iborat 5 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.

Ommaviy sport tadbirida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutidan ham 800 dan ortiq talaba-yoshlar va ko‘ngillilar faol ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

Quvonarlisi, xotin-qizlar o‘rtasida 5 km masofaga o‘tkazilgan «Talaba yugur» musobaqasida institutning jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi talabalari Ejemaya Bazarbayeva 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Aysha Jumambetova marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi va 2-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, erkaklar o‘rtasida institutning Ellikqal’a fakulteti jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi talabasi Yo‘ldoshboy Satimbayev 2-o‘rin, Pedagogika-psixologiya va ijodiy ta’lim fakulteti jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi talabasi Azamat Orazbaev faxrli 3-o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.