NukusDPI jamoasi xalqaro fan olimpiadasida yuqori natijalarga erishdi

Joriy yilning 23-28-mart kunlari Turkmaniston Respublikasining Ashxobod shahrida matematika bo‘yicha VI Open Mathematical Olympiad for University Students – OMOUS-2026 xalqaro fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Olimpiadada Turkmanistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan birga O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Gretsiya, Eron, Vengriya, Niderlandiya, Tojikiston va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardan jami 87 ta jamoa ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Xalqaro fan olimpiadasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Aniq fanlar fakulteti matematika kafedrasi o‘qituvchisi, PhD Aziz Hakimbayev boshchiligidagi institut jamoasi ham ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.
Xususan, matematika va informatika ta’lim yo‘nalishining 4-kurs talabalari Bahram Allakuatov, Ismetulla Naurizbayev, Umida Maxsutova, shuningdek, matematika ta’lim yo‘nalishining 2-kurs talabasi Sayipbek Nuratdinov yakkalik musobaqalarda 3-o‘rinni egallab, har biri bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Albatta, bu yutuq institutda matematika bo‘yicha xalqaro darajada qo‘lga kiritilayotgan yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, OMOUS xalqaro ochiq fan olimpiadasi iqtidorli talabalarni aniqlash, ularning mantiqiy va tahliliy fikrlashini rivojlantirish, shuningdek, matematika bo‘yicha xalqaro miqyosda hamkorlikni kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
NukusDPI matbuot xizmati.