“Buvijonim kiygan liboslar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Barchamiz bilamizki, libos – kishining tashqi ko‘rinishi, ma’naviy dunyosi, tafakkuri hamda ichki xislatlarini o‘zida namoyon eta olish xususiyatiga egadir. Har bir kishi o‘zi kiygan libosi orqali boshqalar tasavvurida kim va qanday odam ekanligini ko‘rsatib beradi. Bugungi kunda yurtimizda, xususan ta’lim tizimida, OTMlarda kiyinish madaniyatiga bo‘lgan e’tibor talab darajasi sifatida ko‘rilmoqda. Ayni kunlarda “Ommaviy madaniyat” ta’siri ostida Yevropa mamlakatlarida hozirda urfga kirgan “yirtiq-yamoq” kiyimlarni biz ko‘cha-ko‘ylarda yoshlarimizda ham ko‘rib bormoqdamiz. Ochig‘i, oxirgi paytlarda bularni ko‘raverib, ajablanmay ham qo‘ydik.
Joriy yilning 28-may kuni institutimiz faollar zalida Turkiy tillar fakulteti Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, “Qizlarjon” ilmiy-adabiy to‘garagi rahbari dots.F.D.Sapayeva tashabbusi ostida o‘zbek milliy qadriyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan “Buvijonim kiygan liboslar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad esa yoshlarimizni ma’naviyatida tarixiy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tiborini oshirish, kelajakda ular barkamol inson bo‘lib tarbiya topishiga erishishdir.
Albatta, buning zamirida talaba-yoshlarimizning kiyinish madaniyatiga bo‘lgan munosabati yaxshilanadi, shu bilan birga institutimizda ta’lim va tarbiya olayotgan yoshlarimiz – o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman kabi qator qardosh xalqlar milliy qadriyatlarini asrab-avaylashda davom etadi.
Tadbir davomida talaba qizlar tarixdan onaxonlarimiz-u, buvijonlarimiz kiygan milliy liboslardan ko‘rgazmalar, ma’ruza, she’r, monolog, xususan, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan sahna ko‘rinishlar namoyish etishib, eng yaxshi deb topilgan libos egalariga, faol ishtirokchi talabalarga institutimiz rahbariyati tomonidan faxriy yorliqlar topshirildi.
