Filologiya fakultetida “Axborot soati” da erta nikoh va uning salbiy oqibatlari saxna ko‘rinishlari orqali namoyish etildi

Birinchi Prezidentimiz tantanali marosimlardan biridagi ma’ruzasida sog‘lom bolaning dunyoga kelishi, baquvvat bo‘lib ulg‘ayishi bilan bog‘liq mezonlar haqida to‘xtalib, sog‘lom bola avvalo sog‘lom va ahil oilaning mevasi ekanini alohida ta’kidlab o‘tadi.

Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash nufuzini oshirish huquqiy asoslarini takomillashtirish erta nikohning oldini olish va sog‘lom farzandni dunyoga keltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilyabdi. Taasufki, oila poydevorining barpo etilishida shoshmashosharlikka yo‘l qo‘yilayotgan ayrim ota-onalar hali ta’lim olayotgan, yoki biror kasbni egallashga ulgurmagan farzandlarini turmushga berishi, uylantirib qo‘yishi, oqibatda yoshlar muammolar girdobiga tushib qolmoqda. Ushbu holatlarni bartaraf etish uchun erta oila qurgan shaxslar, shuningdek bunga yo‘l qo‘ygan ota-onalar, ta’lim va diniy muassasa xodimlari javobgarlikka tortilmoqda.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida ta’limning uzliksizligi va izchilligi, shuningdek, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limni majburiyligi, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida esa ota-onalar esa yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

“Sog‘lom va hayotga moslashuvchan farzandlarni 20 dan 40 yoshgacha bo‘lgan ayollar dunyoga keltirishadi. Ulardan tug‘ilajak farzandlar bosiq, sog‘lom, aqlli bo‘lib yetishishlari mumkin” degan ekan yunon faylasuflaridan biri Aflotun.

Shuningdek, sog‘lom oilani shakllantirishning asosiy shartlaridan biri ayolning biologik va ma’naviy yetuk yoshda turmush qurishidir. Qizlarning fiziologik to‘liq rivojlanishi 20-21-yoshga to‘g‘ri keladi. Ularning oilaviy hayotga ruhiy, jismoniy,tibbiy, ma’naviy jihatdan tayyor emasligi bir qator salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. Masalan, farzandni tarbiyalash, turmush o‘rtog‘i va oila a’zolari bialn munosabatlarni o‘rnatish, ro‘zg‘or ishlarini yuritishda qiyinchiliklarga duch keladi

Inson o‘ziga ato etilgan baxtning to‘rttan uch qismini oiladan, qolgan bir qismini boshqa omillardan topar ekan. Oila chinakam hayot maktabi bo‘lib unda saboqlar bir umr davom etadi. Hayotda uchraydigan muommo va to‘siqlarni sabr-bardosh, matonat bilan yengib o‘tish uchun inson har tomonlama kamolotga erishishi kerak. Shu nuqtai nazardan, oila qurishdan yoshlar fiziologik va psixologik jihatdan yetuk bo‘lishi maqsadga muvofiq. Psixologik yetuklik shaxsning turli hayotiy vaziyatlarni to‘g‘ri baholay olishidir. Unda hamdardlik, hamfikrlik, g‘am-tashvishga sheriklik, sabr-toqatlilik kabi  xususiyatlar mujassam bo‘lishidir.

Yosh turmush qurish va erta ona bo‘lish ayolning juda ko‘p imkoniyatlarini cheklash bilan birga, salomatligiga ham jiddiy xaf solishi mumkin. Shuningdek, yosh kelinchakning bir muhitdan ikkinchi muhitga ko‘nikishi o‘ta murakkab jarayon hisoblanadi. Shunday paytda uning organizimida fiziologik, ruhiyatida emotsinol-psixologik o‘zgarishlar yuz beradi. Hayotda munosib o‘rin egallagan yoshlarning oilasida tug‘ilgan bola tom ma’noda barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Ota-onaning bir-biriga munosabati bola dunyoqarashining shakillanishida asosiy poydevor bo‘ladi.

Yurtimizda nikoh munosabatlarini mustahkamlash, oilaviy hayotda ro‘y beradigan salbiy hodisalarning oldini olish, oilada sog‘lom turmushni shakllantirish, barkamol avlodni tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan maqsad ham sog‘lom va mustahkam oila barpo etishdir. Zero, vatan oiladan boshlanadi. Oila mustahkam ekan Vatanimiz gullab yashnaveradi,. Farzandlarimiz sog‘lom va barkamol ekan, kelajagimiz porloq bo‘ladi.

Institutimizning filologiya fakultetida har juma kuni o‘tkaziladigan “Axborot soati” da ushbu mavzu yuzasidan bayonotlar, chiqishlar qilinib, saxna ko‘rinishlari orqali talabalarga tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

 

Juginisbay Sultamuratov,

Filologiya fakulteti dekani o‘rinbosari.