“Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan “Xorijiy til bilimdoni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati boʻlib oʻtdi

BMT Bosh Аssambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11-oktabr “Xalqaro qizlar kuni” deb eʼlon qilingan.

BMTga aʼzo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalariga ushbu kunni keng miqyosda nishonlash, shuningdek butun dunyoda qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bogʼliq holatlarni oʻrganish tavsiya etiladi. Shiori “Qiz bola. U baxtli boʻlish uchun tugʻilgan”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-sonli “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, qizlarni bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, uzluksiz ta’limning mazmun-mohiyatini tushuntirish va kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida institutimiz faollar zalida joriy yilning 9-oktabr sanasida bayram munosabati bilan “Xorijiy til bilimdoni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil qilindi.

Tadbirni institut rektorining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Sayyora Bekchanova ochib berib, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, ilm-fan sohasida izlanayotgan talaba qizlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, yosh olima qizlar tajribasini ommalashtirish, ularning ilmiy-tadqiqot va izlanishlar olib-borishlari uchun sharoit yaratishga koʻmaklashish boʻyicha bir qancha fikr va tavsiyalar bildirdi.

Mazkur tadbirni tashkil qilishdan maqsadimiz: talaba-yoshlarning hozirgi kunda Respublikamizda xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Farmon va Qarorlar, ularning ahamiyati, xotin-qizlar uchun berilayotgan imtiyozlar, ta’lim olish va oila qurishga, hayot va turmush sinovlariga tayyorgarlik, shuningdek, gender tengligi va ayollarning huquq va imkoniyatlari, oilada ayol-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikka uchrashining kelib chiqish sabablari, himoya orderlari, yoshlar orasida uchrayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlar, ularning oldini olish boʻyicha taklif va tafsiyalar, xususan yoshlarni har tomonlama ma’naviy savodxonligini oshirish, qolaversa, insonparvarlik, demokratik va adolatparvarlik tamoyillarini anglashga undash hamda ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat.

Shuningdek, tadbirda fakultetlararo Xotin-qizlar qoʻmitasi raislari: Aqjarqin Berdimbetovava, Lizaxan Ibragimova, Gʻumshagul Mirzabekova, Feruza Sapayeva, Venera Balkibayeva “Xalqaro qizlar kuni” bilan talabalarni tabriklab, qizlarga bo‘lgan cheksiz hurmat, e’tibor, oila, oilaviy munosabatlar, oila tarbiyasi, allomalarning falsafiy qarashlari, institutimizda tahsil olayotgan koʻpmillatli qizlarimizning yutuqlari haqida soʻzga chiqdilar. Shundan soʻng, institutimizda tahsil olayotgan talabalar, oʻz ona tillarida, xususan xorijiy tillarda: oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus, ingliz, turk, koreys, xitoy tillarida baxtiyor yurtda ta’lim olayotganidan faxrlanib, oʻzlarining fikr-mulohazalari, she’rlari, oliy maqsadlari yoʻlidagi tashabbuslari haqida toʻlqinlanib gapirdilar.

Turkiy tillar fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti 3-bosqich talabasi Kenjabaeva Barchinoy o‘zi mustaqil o‘rganib kelayotgan turk tili haqida talabalarga taqdimot o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuv-davra suhbati institutimiz talabalari tomonidan yuksak baholandi.