Talabalarning qishki ta’til davrini mazmunli oʻtkazishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan talabalar hamda oʻquvchi-yoshlar uchun qishki ta’til shu yilning 25-dekabr kunidan 2022-yilning 10-yanvarigacha etib belgilandi. Mazkur ta’til davrida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida amalga oshiriladigan vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektori Quvondiq Qodirov ochdi va olib bordi.

Yigʻilishda institutning yoshlar tarbiyasiga mas’ul xodimlari – fakultetlarning dekan muovinlari, yoshlar ittifoqining institut boshlangʻich tashkiloti yetakchisi, Talabalar Kengashi raislari, tyutorlar hamda psixolog va pedagog-tarbiyachilar ishtirok etishdi.
Yigʻilish davomida:
– ta’til davrida tasdiqlangan reja asosida talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy sohadagi faoliyatni uluksiz davom ettirish;
– yoshlar orasida har xil jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari profilaktikasini kuchaytirish va ularning ota-onalari bilan doimiy aloqada boʻlish;
– ta’til davomida Prezident Sh.Mirziyoyevning «Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi» kitobi asosida «Vatanim istiqboliga oʻz hissamni qoʻshaman» mavzusidagi maqolalar tanlovini tashkil qilish;
– ta’til davrida «14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni»ga bagʻishlangan maqolalar, insholar, rasmlar, qoʻshiqlar va videoroliklar tanlovlarini onlayn tarzda tashkil qilish hamda har bir yoʻnalish boʻyicha fakultet gʻoliblari roʻyxatini 12-yanvar kuni institut ishchi guruhiga topshirish;
– ta’til davrida Talabalar turar joyida qoladigan turkmanistonlik va qozogʻistonlik xorijiy talabalar holidan doimiy xabardor boʻlish kabi muhim masalalar koʻrib chiqildi va vazifalar belgilab olindi.

Yigʻilishda ishtirok etgan mas’ullar bilan birgalikda koʻrilgan masalalarning tizimli ravishda amalga oshirish mexanizmlari ham kelishib olindi.
Nukus DPI matbuot xizmati.