«Xalq va armiya – bir tanu bir jon». Nukus DPIda vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligiga bagʻishlangan uchrashuv kechasi boʻlib oʻtdi.
Institutning yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektori Q.Qodirov boshqarib borgan uchrashuvda faxriy harbiylar, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugining Nukus garnizoni, harbiy qismlarning komandirlari, muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan er-yigitlar, shu bilan birga, fakultetlarning dekan oʻrinbosarlari, tyutorlar hamda onlayn tarzda «ZOOM» platformasi orqali faol talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda soʻzga chiqqanlar mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining tashkil etilishi, soʻnggi yillarda yanada rivojlantirish, uning jangovar tayyorgarligini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi islohotlarning samaradorligi haqida ma’lumotlar berdi.
Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda Mudofaa doktrinasi asosida muhim va tarixiy qarorlar qabul qilindi. Ayniqsa, mamlakatimiz miqyosida harbiy-ma’muriy sektorlarning tashkil etilganligi, mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan harbiy xizmatchilarni qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib ish va turmush sharoitlarini yaratib berishda olib borilayotgan ishlar oʻz natijalarini bermoqda.
Ta’kidlash joiz, milliy armiyamizning mintaqaviy, xalqaro reytinglardagi, oʻtkazilayotgan har xil musobaqalardagi koʻrsatkichlari yuqorilamoqda. Bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz dunyoda 51 oʻrin, MDH davlatlari orasida 4 oʻrin, Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa 1 oʻrinni egallamoqda.
Milliy, mintaqaviy va global xavfsizlikka qarshi har xil tahdidlar yuz berayotgan bugungi kunda xalqimizning tinch va osuda hayot kechirishi, chegaralarimiz butunligi hamda dahlsizligini ta’minlash har birimizning oldimizdagi asosiy vazifalardan biridir.
Tadbirda mana shunday katta maqsadlardan kelib chiqib, Prezidentimizning «Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida»gi farmoni loyihasida koʻrsatib oʻtilgan yettita ustuvor yoʻnalishlardan biri mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish ekanligi, shuningdek, bundan kelib chiqib amalga oshiriladigan rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda bayram munosabati bilan «Xalq va armiya – bir tanu bir jon» shiori ostida talaba-yoshlar oʻrtasida onlayn tarzda videoroliklar, insholar hamda plakatlar tanlovlari, har xil kitobxonlik va intellektual turnirlar oʻtkazilayotganligi toʻgʻrisida ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida talaba-yoshlar, tyutorlar va boshqa soʻzga chiquvchilar yigʻilganlarni bayram bilan tabriklab, sharafli va mashaqqatli faoliyatida zafarlar tiladi.
Islam Matekov,
Nukus DPI matbuot kotibi.
Muallif olgan rasmlar.
