“Sog‘lom ayol – barkamol avlod tarbiyachisi” mavzusida onlayn suhbat tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, dots. S.Bekchanova tashabbusi bilan “Sog‘lom ayol – barkamol avlod tarbiyachisi” mavzusida ZOOM dasturi orqali onlayn shaklda suhbat tashkil etildi.

Tadbirni Nukus DPI Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, dots. S.Bekchanova ochib berdi va boshqarib bordi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Bekatova Zumrad Raximbaevna “Reproduktiv salomatlik: huquqiy va tibbiy asoslari” mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning “Agar biz bo‘lg‘usi xorazmiylar, farg‘oniylar, beruniylar, buxoriylar, ulug‘beklar, navoiylarni tarbiyalamoqchi ekanmiz, birinchi navbatda, har tomonlama sog‘lom, yuksak bilimli va ma’naviyatli onalarni tarbiyalashimiz zarur”, – degan so‘zlarini keltirar ekan, Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ma’lumot berdi.

Xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalab voyaga etkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganligini a’lohida ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, Nukus shahridagi “Ona va bola skriningi” markazi direktori, Tibbiyot fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi Qalandarova Amina Nurillaevna “Tugma nogironlikning oldini olish va skrining markazi vazifalari” mavzusida taqdimot qildi. U o‘z ma’ruzasida Skrining markazi va uning vazifalari hamda tug‘ma nogironlikning oldini olish bo‘yicha ma’lumotlar berdi. Tug‘ma nogironlikning kelib chiqish sabablaridan biri bo‘lgan yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh va uning xavfli jihatlari haqida tushuntirib o‘tdi va talaba-qizlarni bo‘lg‘usi farzandlari kelajagi,  ularning sog‘-salomat, barkamol bo‘lishi uchun qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlardan voz kechishga chaqirdi.

Tadbir davomida pedagog-xodimlar va talaba-qizlar ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berishdi va Zumrad Raximbaevna hamda Amina Nurillaevnalardan munosib javoblar olishdi.

Shundan so‘ng, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchilari Zuhra Seyitova, Liza Saxanova, Liza Ibragimovalar so‘z olishib, o‘tkazilayotgan tadbir va taqdimotlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Tadbir yakunida S.Bekchanova ma’ruzachilarga va ishtirokchilarga chuqur minnatdorchilik izhor qildi hamda talaba-qizlarni bu kabi tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

N.Allambergenova,

Xotin-qizlar maslahat kengashi kotibasi.