Nukus davlat pedagogika institutida 600 oʻrinlik talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi

Bugun, 7-fevral kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 600 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, institut jamoasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Foydalanishga topshirilayotgan talabalar turar joyining qurilish-rekonstruksiya ishlari uchun institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 3 milliard 855 million soʻm mablagʻ ajratilib, «Golden Star» MCHJning usta quruvchilari tomonidan tez sur’atlarda hamda sifatli qilib bitkazildi. Rekonstruksiya ishlaridan oldin 400 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyiga zamonaviy ikki yarusli yotoq oʻrinlari joylashtirilib, 600 oʻringa yetkazildi. Zamonaviy loyiha asosida qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilgan talabalar turar joyi 1 milliard 600 million soʻmlik mebel inventarlari, 545 million soʻmlik zamonaviy gaz plitalari, muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari, mikrotoʻlqinli pechlar, dazmollar, suv isitish uskunalari kabi ma’ishiy texnikalar bilan ta’minlandi.
Talabalar turar joyida talaba-yoshlarning oʻqishdan boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi, dam olishi, qoʻshimcha toʻgaraklarda ishtirok etishi, ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusni talabalar orasida keng targʻib qilish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuterlar xonasi, axborot-resurs markazi, san’atga qiziquvchi yoshlar uchun cholgʻu asboblari bilan ta’minlangan toʻgaraklar, yoshlarning boʻsh paytlarida tikuvchilik sirlarini oʻrganishi uchun tikuv mashinalari bilan jihozlangan toʻgaraklar, shu bilan birga, ovqatlanish, yuvinish, internet tarmogʻidan foydalanish, gazeta-jurnallar mutolaa qilib, televizor tomosha qilish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Ma’lumot oʻrnida ta’kidlash joiz, talabalar turar joyiga birinchi navbatda chet el fuqarolari, olis viloyatlar hamda tumanlardan qatnab oʻqiydigan kam ta’minlangan, yetim, boquvchisidan ayrilgan, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning farzandlari joylashtiriladi.
Tabdirda qurilish-rekonstruksiya ishlari yakunlangan 600 oʻrinlik talabalar turar joyining ramziy kaliti tantanali ravishda topshirilib, dasturiy tasma kesildi.
Tadbir ishtirokchilari talabalar turar joyidagi sharoitlar bilan tanishdi.
Shuni qoʻshimcha qilish oʻrinli, kelgusida Nukus davlat pedagogika institutining 5 qavatli, 1250 oʻringa moʻljallangan yangi talabalar turar joylari qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, buning uchun 73 milliard 322 million soʻm mablagʻ ajratilgan.
Shu oʻrinda ta’kidlash zarur, Prezident farmoni bilan tasdiqlangan «Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi», shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori asosida olib borilayotgan mana shunday ishlar mazkur masalaga davlat va hukumat darajasida alohida e’tibor qaratilayotganligidan darak beradi.
Vazir oʻrinbosari S.Buzrukxonov institutning yangidan qurilayotgan bosh binosi hamda rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan boshqa oʻquv binolaridagi qurilish-ta’mirlash ishlarini koʻzdan oʻtkazib, ishlarni sifatli yakunlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.
