«Barhayot siymolar» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman va adabiy-badiiy kecha tashkil etildi

Bugun, 8-fevral kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 581 hamda shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi munosabati bilan «Barhayot siymolar» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman va adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.
Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Quvondiq Qodirov olib bordi.
Institut anjumanlar zalida tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar va talabalarning ma’lum qismi bevosita ishtirok etgan bo‘lsa, bir qator hamkor tashkilotlar, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi, oliy ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, shuningdek, institut professor-o‘qituvchilarining keng jamoasi hamda talabalari masofaviy shaklda «ZOOM» dasturi orqali qatnashdilar.

Ilmiy-amaliy anjuman davomida O‘zbekiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori Nasimxon RAXMANOVning «Aleksandr Nikolayevich Samoylovning navoiyshunoslik va boburshunoslikka qo‘shgan hissasi», Nukus davlat pedagogika instituti O‘zbek tili kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Gulmurza QURBANIYAZOVning «Zahiriddin Muhammad Bobur va turkiy tilshunoslik», Qozoq tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Turganbay KERUENOVning «Nowaýynyň döredijiligi we türkmen edebiýaty», Nukus davlat pedagogika instituti Qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi doktoranti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Qabıl MAMBETOVning «Alisher Nawayı dóretiwshiliginde diniy uǵımlardıń kórkem sáwleleniwi», Qozoq tili va tili adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Tursinay TORTKULBAEVAning «Бабырнама» және қазақ әдебиеті», Nukus DPI o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi 2-kurs magistranti Dilshod SHAMSIYEVning «Navoiy me’rojnomalari» mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi hamda fikr-mulohazalar bilan davom etdi.
Anjuman yakunida talabalar va magistrantlar tomonidan tashkil etilgan mushoira va badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
