Nukus davlat pedagogika institutining qurilishdagi mojarolarga aloqasi yoʻq

2018-2021-yillarda Nukus davlat pedagogika institutining oʻquv binolarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish uchun davlat budjetidan 54,3 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-noyabrdagi 1250-F-son farmoyishiga muvofiq, institutning 2000 oʻringa moʻljallangan oʻquv binosini qurish uchun asosiy buyurtmachi qilib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi, asosiy pudratchisi qilib «Jayhun Universal Qurilish» MCHJ, asosiy loyihachisi qilib «Gorselproyekt» MCHJ belgilangan.

Asosiy pudratchi «Jayhun Universal Qurilish» MCHJ tomonidan qurilish ishlari 2018-yilda boshlanib, 2021-yil sentabr oyigacha yakuniga yetkazilishi kerak edi.

Ammo, zarur mablagʻlar davlat budjetidan ajratilganiga qaramasdan, rejalashtirilgan ishlar belgilangan muddatda yakuniga yetmagan.

Ma’lum boʻlishicha, pudratchi «Jayhun Universal Qurilish» MCHJ va buyurtmachi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari oʻzaro til biriktirgan holda, 12,7 milliard soʻm miqdoridagi pul mablagʻlarini talon-toroj qilgan.

Nukus davlat pedagogika instituti mazkur holatga oʻzining hech qanday aloqasi yoʻq ekanligini ma’lum qiladi.

Nukus DPI matbuot xizmati.