Institutga yangi nomdagi bir yarim mingdan ortiq badiiy-adabiy kitoblar olib kelindi

Bugun, 9-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 220 ga yaqin nomdagi 1500 dan ortiq yangi badiiy-adabiy kitoblar foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesbay Karimov, fakultet dekanlari oʻrinbosarlari, professor-oʻqituvchilar, axborot-resurs markazi xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektori Q.Qodirov olib bordi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Prezidentimizning besh muhim tashabbusi doirasida xalqimiz orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarni ommaviy ravishda kitobxonlikga jalb qilish borasida davlat siyosati darajasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun kitob oʻqiyotgan bola ertangi kuni televizor tomosha qilayotgan oʻnta bolani boshqaradi.

Kechada Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi K.Karimov tadbirda ishtirok etayotgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi sovrindori boʻlgan institut talabasi Yerkinay Orinbayeva hamda uning ustozi, dotsent Sofiya Tajetdinovani tabriklab, bayram sovgʻalarini topshirdi. Shuningdek, bugungi kunda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yozuvchi, shoirlarning kitoblarini nashrga tayyorlash, chop etishga yordam berish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Yangidan foydalanishga topshirilayotgan kitoblar qatoriga Ibroyim Yusupov hamda Toʻlepbergen Qayipbergenovning, shu bilan birga, yozuvchining oʻz qalamiga mansub asarlari jamlangan yangi kitoblar institutning axborot-resurs markaziga sovgʻa qilindi.
Tadbirda foydalanishga topshirilayotgan yangi kitoblar tanishtirilib, ularning mazmuni hamda ahamiyati toʻgʻrisida muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Ma’lumot oʻrnida ta’kidlash joiz, mazkur kitoblar bugungi kun yoshlari tomonidan mutolaa qilinishi zarur boʻlgan, mashhur insonlar, mutaxassislar tomonidan tavsiya qilingan eng yaxshi kitoblardan iborat boʻlib, ularni xarid qilish uchun institutning oʻz mablagʻlari hisobidan 40 million soʻmga yaqin mablagʻ ajratildi.
Nukus DPI matbuot xizmati.
