Institutda talaba-yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan fan olimpiadalari hamda tanlovlarning gʻoliblari taqdirlandi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, yoshlarning Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus asosida musiqa, tasviriy san’at, adabiyot, teatr hamda san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, axborot texnologiyalari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish, ularning ma’naviy dunyosini boyitish, kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Shu asosda institut talabalari oʻrtasida qishki ta’til vaqtida matematika, informatika, tarix hamda chet tillari (ingliz tili) boʻyicha onlayn fan olimpiadalari, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan videoroliklar, plakatlar, she’rlar va insholar tanlovlari, «Qish tarovati», «Men sevib oʻqiydigan adib», «Tinchlik-totuvlikda hayot kechirayotgan koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi» mavzularidagi fotosuratlar hamda videoroliklar tanlovlari, shuningdek, barcha fakultetlar oʻrtasida «Zakovat» intellektual oʻyini oʻtkazilgan edi.
Tanlovlarga kelib tushgan materiallar maxsus tuzilgan ishchi guruh va hay’at a’zolari tomonidan koʻrib chiqilib, institutning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari orqali koʻpchilikning e’tiboriga havola qilindi.

Oʻtkazilgan tanlovlar natijalariga koʻra gʻolib deb topilgan hamda sovrindor boʻlgan talabalar, fakultetlardan ishtirok etgan jamoalar a’zolari institut rektorati tomonidan faxriy yorliqlar, shuningdek, kompyuter jamlanmasi, noutbuk, planshet, mobil telefon, maishiy texnikalar kabi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari Abatbay Daniyarov hamda institut rektori Bayrambay Otemuratov soʻzga chiqib, bunday tadbirlar mamlakatimizda yoshlar siyosati, ularga berilayotgan e’tibor hamda gʻamxoʻrliklarning yorqin ifodasi ekanligini ta’kidladi. Barcha gʻolib boʻlgan talabalarni tabriklab, kelgusida oʻqish va ilmiy-tadqiqot, ijodiy ishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Nukus DPI matbuot xizmati.
