MILLIY GʻURUR VA MILLIY RUH – VATANPARVARLIKNING OLIY MEZONI

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Milliy va jangovar ruh – muqaddas Vatan hamda mamlakat tinchligining asosidir” mavzusida ilmiy-uslubiy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan konferensiya ishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi kuch tuzilmalarining 600 nafarga yaqin harbiy xizmatchilari hamda institutning yoshlar tarbiyasiga mas’ul xodimlari hamda faol talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Konferensiya ishtirokchilarini Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni, polkovnik Farhodjon Shermatov qutlab, bugungi globallashuv va dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyatning keskin oʻzgaruvchan davrida turli tahdid va xatarlarning ortib borayotganini ta’kidlab oʻtdi.

“Afsuski, davlatlar va muxolifat kuchlari oʻrtada yuzaga kelgan ziddiyat va nizolarni koʻp jihatdan kuch ishlatish yoʻli bilan hal etish ustuvorlik qilayotganini kuzatishimiz mumkin. Bugungi kunda tinch aholi va urushda qatnashayotgan harbiy xizmatchilarning ongu tafakkuriga, ruhiyatiga ta’sir etishning shakl va usullari koʻlami kengayib borayotgani, albatta barchani xavotirga solmoqda”, – dedi konferensiyaning ahamiyati haqida soʻzlab harbiy okrug qoʻmondoni.

Joriy yilning yanvar oyida davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yigʻilishida ham konferensiyada koʻtarilgan masalaga Prezidentimiz toʻxtalar ekan, jumladan shunday fikrni bildirdi: “Armiya moddiy jihatdan eng zamonaviy va zarur vositalar bilan ta’minlangan boʻlishi mumkin, lekin axloqiy jihatdan zaifligi, jangovar ruhi, Vatanga sodiqlik va muhabbat, uning taqdiri uchun mas’uliyat hissi yoʻqligi yoki loqaydlik tuzatib boʻlmas oqibatlarga olib kelishi mumkin”.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bu chorlov Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida oʻzligimizga yana bir marta nazar tashlab, olib borayotgan ishlarimizni davr talabiga moslashtirish, har qanday ishda birinchi oʻrinda ma’naviyatga, atrofimizdagi tarbiyaga va voqyeliklarga e’tibor berish, harbiy xizmatchilarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, ruhiy tetikligi va jismoniy barkamolligiga, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan butlanganligiga, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buyuk sarkardalarimizning qoʻshinlarni boshqarish, ularning ruhiyati, jangovarlik qobiliyatiga ta’sir oʻtkazish, jang olib borish san’atini oʻrganish boʻyicha qator ishlar, ilmiy izlanishlar oʻtkazilmoqda.

Konferensiya ishida milliy va ma’naviy ruh tushunchasiga tavsif berilib, uni shakllantirishda milliy qadriyatlar va an’analarning oʻrni va roli, inson kamolotida milliy ruh, iymon va e’tiqod uygʻunligi, jangovar ruh va uni tashkil etuvchi asosiy elementlari, harbiy xizmatchilar va jamoalarda jangovar ruh va yuqori axloqiy-ruhiy sifatlarni shakllantirishning shakl va uslublari multimedia vositalari orqali atroflicha yoritib berildi.

Institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha I prorektori Quvondiq Qodirov “Milliy gʻurur va milliy ruh – vatanparvarlikning oliy mezoni” mavzusida bayonot qilib, milliy ruh, milliy gʻurur tushunchalariga ta’rif berib, u qadimiy va boy tariximiz, ma’naviy va moddiy merosimiz, buyuk sarkarda va ajdodlarimizning jasorati, shaxsda milliy gʻurur va iftixor tuygʻularining yuksakligi hamda oʻzgalar oldidagi insonning qadr-qimmatiga bogʻliq boʻlishini ilmiy jihatdan isbotlab berdi.

Shuningdek, institutning Milliy gʻoya, huquq ta’limi va ma’naviyat asoslari kafedrasi oʻqituvchisi D.Bekimbetova hamda harbiylar tomonidan qilingan bayonotlarda gʻoyaviy ishonch, siyosiy ong, professional tayyorgarlik, ijtimoiy himoyalanganlik, harbiy jamoalarning uyushqoqligi, komandirlarning rahbarlik qobiliyati, burchni ongli bajarish va yaratilgan optimal ijtimoiy sharoit kabi omillar ma’naviy ruhning tarkibiy qismlari boʻlib hisoblanishi atroflicha tushuntirib oʻtildi.

Armiyaning asosiy mezonlaridan biri boʻlgan jangovar ruh tushunchasi, avvalo, harbiy xizmatchining gʻoyaviy ishonchi, burchiga mas’uliyati, nostandart vaziyatlarda dadil qarorlar qabul qila olishi, jasorati va shijoati, jangovar birodarligi, harbiy jamoalarning jipsligi va oʻzaro uygʻunligi hamda ijtimoiy himoyalanganligi kabi mezonlar bilan belgilanishi ma’ruzachilar tomonidan ta’kidlandi.

Shuningdek, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Zahiriddin Muhammad Bobur singari mashhur ajdodlarimizning jang san’ati, ular bilan yelkama-yelka birga turib jang qilgan jasur sarkardalarning mahorati, lashkarlarida mardlik va shijoat tuygʻularini shakllantirish yoʻlidagi boy tajribasi, zamonaviy urushlarda axloqiy-ruhiy tayyorgarlik va jangovar ruhni oshirish boʻyicha ma’ruzalar tinglandi. Shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy holati va jangovar ruhini oshirishda jangovar chaqiriqning oʻrni va roli ilmiy asoslab berildi. Ishtirokchilar mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.

Ilmiy-uslubiy konferensiyada ishtirok etgan kuch tuzilmalari hamda oliy ta’lim muassasasi vakillari tomonidan ushbu tadbirning bugungi kundagi ahamiyati alohida e’tirof etildi.

Konferensiya yakunida koʻrib chiqilgan ma’ruzalar umumlashtirilib, kelgusida Nukus davlat pedagogika instituti bilan birgalikda tizimli ravishda qoʻllanma sifatida qoʻshinlarda foydalanish uchun harbiy qismlarga yetkazib berilishi boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

NukusDPI matbuot xizmati.