«Geografiya fani va uni oʻqitishning dolzarb masalalari» mavzusida konferensiya tashkil qilindi

Yer yuzi tabiati, aholisi va uning xalq xoʻjalik faoliyatini oʻrganadigan fan bu geografiyadir. Shu sababdan ham ushbu fanga alohida eʼtibor qaratish har jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur fan doirasida Nukus davlat pedagogika instituti Tarix fakultetining geografiyani oʻqitish metodikasi kafedrasi tomonidan ilmiy-nazariy anjuman oʻtkazildi. Respublika miqyosida tashkil qilingan konferensiya «Geografiya fani va uni oʻqitishning dolzarb masalalari» mavzusida boʻlib oʻtdi.

Konferensiyani institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori M.Jalelov ochib berdi.
Anjumanda Berdaq nomidagi QDU professori R.Balliyeva «Qoraqalpogʻiston geografiya ilmi va uning oldida turgan vazifalar», Namangan davlat universiteti dotsenti K.Boymirzayev «Fargʻona vodiysi yerosti suvlarining geografik tarqalishi va ulardan foydalanish», Qarshi davlat universiteti dotsenti X.Boyqobilov «Yevropa poytaxt shaharlari nomlarining tarixiy-geografik xususiyatlari», Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti G.Xodjayeva «Reproduktiv holat va uning xalqni sogʻlomlashtirishdagi oʻrni», Nukus davlat pedagogika instituti katta oʻqituvchisi U.Eshimbetov «Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi rivojlanishining oʻziga xos xususiyatlari» mavzularidagi oʻz bayonotlari bilan tanishtirdilar.
Qayd etilganidek, konferensiyada bir-biridan dolzarb mavzular oʻrtaga tashlanib, qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Jumladan, fanni oʻqitish borasidagi kamchiliklar, tabiiy resurslarni qazib olish fonida yuzaga keladigan muammolar, demografiya, aholining reproduktiv salomatligini saqlash, suvdan oqilona foydalanish, qolaversa qishloq xoʻjaligiga aloqador masalalar shular sirasidandir.
«Konferensiyani oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad, geografiya fani va uni oʻqitishning dolzarb masalalari boʻyicha ilmiy-izlanishlarning natijalarini keng turda joriy etish hamda takliflar berishdan iborat. Oʻylaymanki, bu orqali talabalar yanada yangi bilimlarni egalladilar»,-deydi geografiyani oʻqitish metodikasi kafedrasi boshligʻi G.Utepova.
Yigʻilish yakunida kelgusi yilda bu kabi respublika anjumanlarini xalqaro miqyosda oʻtkazish rejalashtirildi.
Nilufar ATABAYEVA,
Berdaq nomidagi QDU Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar ta’lim yoʻnalishi talabasi. NDPI amaliyotchisi.
