Oʻzbekiston — umumiy uyimiz

Ushbu shiorni aytar ekanmiz, beixtiyor koʻz oʻngimizda Oʻzbekiston deya atalmish katta oilada turli millat va elat vakillarining tinch-totuvlikda umrguzaronlik qilayotgani gavdalanadi.

Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tomonidan «Oʻzbekiston — umumiy uyimiz» shiori ostida millatlararo totuvlik festivali oʻtkazildi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari R.Saparbayev, institut rektori B.Otemuratov, pedagog jamoa, institutda ta’lim olayotgan turli millat vakillaridan iborat faol talabalar ishtirok etdi.

Festival doirasida qardosh xalqlarning milliy urf-odatlari, chevar talaba-qizlarning qoʻl mehnatlaridan na’munalar, rasmlar koʻrgazmasi, «Toʻmaris» xalq ansambli va iqtidorli yoshlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

– Qariyb 90 yillik tarixga ega institutimizda hozirga vaqtda 17 mingga yaqin talabalar bilim olmoqda. 5 tilda ta’lim olib boriladigan bu ulugʻ dargohda qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, turkman, rus, koreys, qirgʻiz, ozarbayjon, boshqird, uygʻur va tatar kabi umumiy 11 millat vakillaridan iborat talabalar bir oilaning farzandidek totuvlikda bilim olmoqda. Bu albatta quvonarli holat va mustaqilligimizning bizga bergan ne’mati deb bilaman,- deydi institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektori Q.Qodirov.

Festival yakunida ta’lim-tarbiya va ma’naviy-maʻrifiy ishlarda faollik koʻrsatgan  bir guruh pedagog xodimlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda institut rektorati tomonidan munosib taqdirlandi.

Nilufar ATABAYEVA,

Berdaq nomidagi QDU Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar yoʻnalishi talabasi, NDPI amaliyotchisi.