Nukus garnizonida institutning davlat stipendiatlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining davlat stipendiatlari ishtirokida “Yangi Oʻzbekistonning buyuk ajdodlariga munosib vorislari” nomli uchrashuv oʻtkazildi.

Yurtimizda yoshlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan oqilona foydalanayotganlar safi kundan-kunga ortib bormoqda. Ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohasida erishilayotgan ulkan yutuqlar zamirida albatta, yoshlarning boʻsh vaqtlaridan samarali foydalanishi, oʻqib-izlanishi uchun sharoitlar yaratilishi kabi mehnat mujassam.

Uchrashuvga tashrif buyurgan institutning eng faol va bilimli yoshlari erishgan yutuqlari haqida askarlarga soʻzlab berishdi. “Hamma ezguliklar bilim tufaylidir” degan edi Yusuf Xos Hojib. Darhaqiqat, yoshlarning hayotidagi ulkan yutuqlari ilm-ma’rifat yoʻlidagi mashaqqat va sabot evaziga kelgan mukofotdir. Askarlar uchrashuvdan oʻzlariga kerakli motivatsion kuch olishdi. Tengdoshlari safida boʻlgan bu yigit-qizlar kabi ularda ham yuqori choʻqqilarni zabt etish istagi uygʻondi. Askarlarning shonli, sharafli xizmatlari yoshlarning havasini keltirib, Vatan himoyachilariga samimiy tilaklarini izhor etishdi.

Tadbir soʻngida askarlar va institut talabalari Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazidagi harbiy okrug tarixidan soʻzlovchi muzeyga ekskursiya qilishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi matbuot xizmati.