Xushxabar! Nukus DPI qizlar voleybol jamoasi Oʻzbekiston chempioni boʻldi

Shu yilning 24-31-may kunlari Jizzax viloyatida sportning voleybol turi boʻyicha ХХIХ Oʻzbekiston chempionatining yakunlovchi beshinchi tur musobaqalari boʻlib oʻtdi.
Fevral oyida start olgan Oʻzbekiston birinchiligining dastlabki tur oʻyinlaridan buyon raqib jamoalarga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan, ochkolar boʻyicha birinchilikni qoʻldan bermay kelgan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qizlar terma jamoasi beshinshi tur musobaqalarida ham oʻzlarining yuqori sport mahoratini namoyon etdi.
Oʻtkazilgan besh tur natijalariga koʻra, umumiy 58 ochko bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qizlar terma jamoasi voleybol boʻyicha ХХIХ Oʻzbekiston chempionatining gʻolibi boʻldi.
Ikkinchi oʻrinni 53 ochko toʻplagan Namangan, uchinchi oʻrinni esa 52 ochko jamgʻargan Andijon viloyati jamoalari egalladi.
Chempionatning taqdirlash marosimida birnechta nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, ular orasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qizlar terma jamoasi bosh murabbiyi Azat Kazakov «Eng yaxshi trener», Nukus DPI voleybol jamoasi «Eng yaxshi jamoa», jamoa a’zolaridan Indira Nasratdinova «Eng yaxshi oʻyinchi», Gulbazar Nuranova «Eng yaxshi toʻsuvchi», Maqsuda Yuldasheva «Eng yaxshi jamoa sardori» nominatsiyalari bilan taqdirlandi.
Shunday qilib, voleybol boʻyicha ХХIХ Oʻzbekiston chempionati gʻolibi boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qizlar terma jamoasi a’zolariga diplom, oltin medallar va chempionlik kubogi tantanali ravishda topshirildi.
Islam Matekov,
Nukus DPI matbuot kotibi.
