Turkiy tillar fakultetida Oʻzbekiston Qahramoni, fidoyi shifokor Onesiya Saytova ishtirokida “Millat beshigini tebratuvchi ayollarga ehtirom” mavzusida davra suhbati, ma’naviy-ma’rifiy tadbir boʻlib oʻtdi

“Ayol siymosi Yaratganning tengsiz mo‘jizasi bo‘lib kelgan va hamisha shunday bo‘lib qoladi», – degan edi hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnatda aynan ayollarimizning alohida o‘rni borligi ko‘ngilda faxr tuyg‘usini yuksaltiradi.

Institutimizda har yili an’anaviy tarzda oʻquv yili boshidan talabalarimiz boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida har bir fakultetlararo Xotin-qizlar qoʻmitasi qoshidagi “Qizlarjon” adabiy-badiiy toʻgaragimiz uzluksiz faoliyat koʻrsatib kelmoqda va ayol-qizlarga ehtirom, mehr-oqibat, ijodiy uchrashuvlar tashkillashtiriladiki, bu e’tibor yil davomida ayol-Ustozlarga, ayol-talabalarga shijoat, mehr-muhabbat va fidoyilikni baxsh etib turadi.

Zotan, ayoli e’zozlangan yurtda yashashning o‘zi saodat, shunday emasmi?!

Institutimizning Turkiy tillar fakulteti Xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi, “Qizlarjon” ilmiy-adabiy toʻgaragining rahbari F.D.Sapayeva tomonidan tashkillashtirilgan mazkur tadbirni – institut Xotin-qizlar masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi S.B.Bekchanova ochib berdi, talabalarni tadbir mehmonlari bilan tanishtirdi.

Shuningdek, tadbirda Turkiy tillar fakulteti dekani B.Davletov ham qatnashib, tadbir mehmoni Onesiya Saytovaga samimiy tilaklarini bildirdi, yoshlarni axloqiy va estetik, salomatlik, sogʻlom muhit va madaniyatga chorlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va kasb-hunarga yoʻnaltirish masalalari boʻyicha gapirdi.  

Bir haqiqat ayonki, har qanday xalqning ma’naviy darajasini avvalo shu yurt ayollarining ma’naviy saviyasi belgilaydi. Bugungi uchrashuvda “fidoyi” degan so‘zga eng munosib bo‘lgan Ona siymosi, buyuk shifokor (akusher-ginekolog), “Xalq doyasi”, Oʻzbekiston Qahramoni Onesiya Saytova sha’niga eng go‘zal tilaklarimizni izhor etamiz…

Mazkur tadbir sarguzashtlarga boy va qiziqarli tashkillashtirildiki, ikki soat davomida davra suhbati qizgʻin tus oldi. Avvalo, F.D.Sapayeva tomonidan tanishtirilgan “Onesiya opa haqida…” ma’ruzasi ma’lumotlarga boy va talaba-qizlar ibrat olsa arzirli tanishtiruvdan soʻng, Qahramonimiz Onesiya ona oʻzlari haqida chiroyli hayot haqiqatlarini goho kulib, goho yigʻlab, goho suyunib, goho kuyinib gapirib berdilar…

Ushbu davra suhbatimiz talabalar tomonidan iliq kutib olindi va Oʻzbekiston Qahramoni, fidoyi shifokorga murojaat qilib oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

 Mazkur tadbirni tashkil qilishdan maqsadimiz: Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan Onesiya Saytova kabi har jihatdan mukammal zamon ayoli, akusher-genikolog shifokor tavsiyalariga e’tiborli boʻlish, talaba-qizlar turmushida  sogʻlom muhit sharoitini yaratishga oʻrgatish,  talaba-yoshlarning hozirgi kunda Respublikamizda xotin-qizlarning turmush tarzi va salomatligi yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Farmon va Qarorlar, ularning ahamiyati, xotin-qizlar uchun berilayotgan imtiyozlar, ta’lim olish borabarida oila qurishga, hayot va turmush sinovlariga tayyorgarlik, xususan ayollar sixat-salomatligiga jiddiy e’tiborli boʻlish kabi asosiy masalalarga doir savodxonligini oshirishdan iborat.

Tadbir oxirida Oʻzbekiston Qahramoni Onesiya Saytovaga Institutimiz ma’muriyati, Turkiy tillar dekanati nomidan maxsus sovgʻalar taqdim qilindi. Shundan soʻng  qoraqalpogʻistonlik  xalqimiz taomili  ila – Qahramon, nuroniy-Ona, Xalq fidoyisi Onesiya opa – uchrashuv ishtirokchilariga, Institutimiz ahliga Yaratgan Egamdan omonlik, tinchlik-totuvlik, ezgu amallar tilab uzoq duo qildilar…