Nukus davlat pedagogika institutida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samarali yoʻlga qoʻyilmoqda

Quyosh energiyasi atrof-muhitni ifloslantirmaydigan, foydalanilishi jihatidan hech qanday biologik xavfli boʻlmagan, energiyaning eng yangi turi hisoblanadi. Quyosh – tuganmas energiya manbasi boʻlib, undan foydalanish energetik masalalarni hal qilishning eng oddiy hamda arzon usulidir. Ahamiyatlisi, quyosh energiyasidan keng miqyosda foydalanish sayyoramizda shakllangan evolyutsion energetik balansni buzmaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng koʻlamda foydalanishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, mazkur manbalar orqali elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash hamda ma’muriy-maishiy binolar va inshaotlarda energiya resurslaridan samalari foydalanish boʻyicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida oʻtkazilgan majlisda barcha oliy ta’lim muassasalarida muqobil energetikaga oʻtish masalasi muhokama qilinib, rektorlarga oʻquv hamda talabalar turar joylari binolarini toʻliq quyosh energiyasi panellari bilan jihozlash topshirilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi «Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni talablarini bajarish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng miqyosda foydalanishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini hayotga tadbiq etish maqsadida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining 600 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyi binosi uchun respublika tovar-homashyo ishlab chiqarish birjasi orqali «NDKAB TEXAS» mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 482 million 912 ming soʻmga shartnoma tuzilib, 20 dona umumiy 4 tonnalik quyosh energiyasidan suv isitish qurilmalari oʻrnatildi hamda ishga tushirildi.
Shuningdek, respublika tovar-homashyo ishlab chiqarish birjasi orqali 1 milliard 200 ming soʻmga «SUN-HIGHTECH» mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma imzolanib, institut binolariga oʻrnatish uchun quvvati 100 kVt boʻlgan bir komplekt energiya tejovchi quyosh panellari stansiyasi hamda institut atrofini tungi yoritish maqsadida 100 dona quyosh yoritish qurilmalari sotib olinib, bugungi kunda ushbu qurilmalardan samarali foydalanilmoqda.
NukusDPI matbuot xizmati.
