AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi

Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.

Elchi janoblari dastlab institut rektori Bayrambay Otemuratov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

– Elchixonamiz hamda sizning institutingiz oʻrtasidagi hamkorlik faoliyatini yuqori darajada deb hisoblayman, – dedi elchi Jonatan Henik.

Uchrashuvda institutda AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda 2016-yildan buyon oʻz faoliyatini davom ettirib kelayotgan «Access Microscholarship» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shu bilan birga, AQSHdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan professor-oʻqituvchilar, talabalar almashinuvi, ilmiy-pedagogik yoʻnalishda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot oʻrnida ta’kidlash joiz, Nukus davlat pedagogika institutida 7-yildan buyon faoliyat olib borayotgan «Access Microscholarship» dasturi doirasida professor-oʻqituvchilar dunyodagi eng nufuzli oliy ta’lim dargohlaridan biri boʻlgan Ostindagi Texas universitetida malaka oshirish kurslarida oʻqib keldi.

Suhbat davomida «Access Microscholarship», shuningdek, «Fulbright» dasturlari boʻyicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Bundan soʻng AQSH elchisi institutda «Access» dasturi doirasida 2022-2024-yillarga moʻljallangan «English Access Microscholarship Program – STEM» granti asosida umumta’lim maktablarining 8-9 sinf oʻquvchilari uchun inglis tilini oʻrgatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi hamda oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.

Nukus DPI matbuot xizmati.