Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi

Bugun, 25-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Qoraqalpogʻiston Respublikasiga xizmat safari doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida institutning foydalanishga topshirish arafasida turgan 2 ming oʻrinlik yangi oʻquv binosida yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirib, masʼullar va professor-oʻqituvchilar bilan muloqot qildi.
Yangi oʻquv binosida oʻquv va laboratoriya xonalari, axborot-resurs hamda axborot texnologiyalari markazlari, registrator ofisi, katta sigʻimlikka ega maʼruza auditoriyalari mavjud boʻlib, barchasi zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan.
Professor-oʻqituvchilar va tegishli masʼullar bilan boʻlgan suhbat chogʻida soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim sohasini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari, taʼlim sifatini oshirish orqali malakali kadrlar tayyorlashning ustuvor vazifalari toʻgʻrisida fikr almashildi.
Shuningdek, yangi oʻquv binosini sifatli qilib foydalanishga topshirish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
