Nukus davlat pedagogika instituti yangi oʻquv binosining ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi

Bugun, 29-avgust kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining ikki ming oʻrinlik yangi oʻquv binosining tantanali ochilishiga bagʻishlangan “Sen tabarruk dargohisan bilimning!” mavzusidagi tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari, idora-tashkilotlar masʼullari, mamlakatimizning obroʻli maʼrifatparvar ziyolilari, institut professor-oʻqituvchilari hamda mehnat jamoasi, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, ishtirokchilarni mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi bilan tabrikladi.

“Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida koʻtaringki kayfiyatda nishonlanayotgan eng ulugʻ, eng aziz bayram arafasida yurtimizdagi dastlabki taʼlim maskani – Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti yangi oʻquv binosining foydalanishga topshirilishi bayramga munosib sovgʻa boʻlganligini taʼkidladi.

Mazkur bilim maskani nafaqt respublikamizda, butun Markaziy Osiyo mintaqasida oʻz oʻrniga, taʼlim sohasida oʻz qadriyatlariga ega boʻlgan muassasalardan biri hisoblanadi. Bugungi kungacha institut bitiruvchilari orasidan 5 Oʻzbekiston Qahramoni, 6 akademik, koʻpgina davlat va jamoat arboblari, taʼlim hamda xalq xoʻjaligining turli sohalari fidoyilari yetishib chiqqanligi fikrimizning ayni isboti.

Davlatimiz rahbarining bevosita eʼtibori hamda gʻamxoʻrligi natijasida davlat byudjeti hisobidan 76 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, institut uchun 2 ming oʻrinlik yangi oʻquv binosining qurib bitkazilishi hamda foydalanishga topshirilishi, shu bilan birga, moddiy-texnik bazani takomillashtirish maqsadida oʻquv binolari taʼmirlanib, yangidan laboratoriyalar, sport majmualari va talabalar turar joylarining qurilayotganligi respublikamizdagi dastlabki taʼlim muassasasining 90 yillik toʻyiga, shu bilan birga, mazkur taʼlim muassasasiga ismi berilgan buyuk klassik shoirimiz Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining 200-yilligiga munosib sovgʻa boʻldi.

Ikki ming oʻringa moʻljallangan yangi oʻquv binosida zamonaviy oʻquv va maʼruza auditoriyalari, eng soʻnggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, IT-inkubatsiya, axborot-resurs markazlari, bu yilgi oʻquv yilidan boshlab barcha oliy taʼlim muassasalarida joriy etilayotgan registrator ofisi hamda boshqa koʻpgina imkoniyatlar yaratilgan.

– Bugungi kunda institutimizda 17 mingga yaqin talabalar taʼlim olayotgan boʻlib, ularning mamlakatimizning yorqin kelajagi uchun xizmat qiladigan, Uchinchi Renessansning asosini yaratadigan yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun mana shunday zamonaviy tipda qurib bitkazilgan oʻquv binolarining, bu yerda yaratilgan sharoitlarning ahamiyati katta. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimizning oliy taʼlimga qaratayotgan eʼtibori natijasida institutimizning moddiy-texnik bazasi yil sayin takomillashib bormoqda. Buning uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchiligimiz cheksiz. Biz, albatta, bunday eʼtibor va gʻamxoʻrliklardan yanada kuch-quvvat olib, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarni tarbiyalab chiqarishga bor imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz, – deydi institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov.

Tadbir ishtirokchilari yangi oʻquv binosida talabalarning tahsil olishi, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanishi, egallagan koʻnikmalarini mustahkamlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.