Koreya Respublikasi Elchisi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi

Bugun, 13-noyabr kuni Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor Elchisi janob Von Do Yon rahbarligidagi delegatsiya aʼzolari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.
Institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov bilan boʻlib oʻtkan uchrashuvda Oʻzbekiston-Koreya Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalar bilan birga taʼlim sohasidagi hamkorlikning samarali davom etayotganligi taʼkidlandi. Shuningdek, institutda ilmiy-pedagogik yoʻnalishda xalqaro hamkorlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

Elchi janob Von Do Yon yuqori darajada hamda samimiy kutib olgani uchun institut rektorati vakillariga minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz boʻylab keng miqyosda belgilanayotgan Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining 200-yilligi hamda institutning 90 yilligi bilan qizgʻin muborakbod etdi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida soʻnggi yillarda iqtisodiy sohalar bilan birgalikda taʼlim sohasiga investitsiyalar kiritish boʻyicha ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligini alohida taʼkidladi.
Suhbat davomida Koreya Respublikasining eng ilgʻor oliy taʼlim muassasalari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, institut professor-oʻqituvchilari hamda talabalarining stajirovkalar va oʻquv dasturlari doirasida grantlar loyihalarida ishtirok etishiga koʻmaklashish, institutda faoliyat yuritayotgan “Koreya burchagi”ning ishlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilinib, kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Bundan soʻng delegatsiya aʼzolari Qoraqalpogʻistonda koreys tilini oʻrgatish boʻyicha asosiy markaz sifatida faoliyat yuritayotgan institutdagi “Koreya burchagi”ga tashrif buyurib, bu yerga har xil nomdagi oʻquv adabiyotlari hamda zarur buyumlarni topshirdi.
Elchi janob markazning faoliyatiga yuqori baho berib, bu yerda xizmat qilayotgan masʼullarga minnatdorlik izhor etdi.
Delegatsiya aʼzolari institutning yangi oʻquv binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ijobiy fikrlarini bildirdi.
Institutning “Siy perde” dutorchilar ansambli ijrosidagi milliy kuy-qoʻshiqlar delegatsiya aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
