Yoshlar o‘rtasida kiberjinoyatchilikning oldini olish masalalari muhokama qilindi

Bugungi kunda global axborot maydonida kibermakon bilan bog‘liq bo‘lgan yangi-yangi tahdidlar paydo bo‘lmoqda. Shu bois, virtual olamdagi hujumlardan himoyalanish masalasi jahon hamjamiyatini chuqur o‘ylantirmoqda.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tashkil etilgan uchrashuvda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, xususan, kiberjinoyatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish masalasi muhokama qilindi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik Baxtiyar Torebekov, vazirlikning Tezkor qidiruv xizmati kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i, mayor Dauletniyaz Seytmuratov, vazirlikning bir qator mas’ullari, institutda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ul mutaxassislar, tyutorlar va talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvni institut rektori Quvondiq Qodirov olib bordi.

Tadbirda qayd etilganidek, dunyo bo‘ylab har yili 500 milliondan ortiq kiberhujumlar uyushtiriladi. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda bu turdagi jinoyatlar soni ko‘payib, bank-moliya operatsiyalari orqali o‘zgalarning plastik kartasidagi mablag‘larni o‘zlashtirish, zararli viruslar tarqatish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, diniy aqidaparastlikka yo‘naltirilgan axborot xurujlari, onlayn savdo maydonidagi firibgarliklar kabi holatlar tez-tez uchramoqda.

Achinarli jihati, axborot texnologiyalari yordamida huquqbuzarlik va jinoyat sodir etgan shaxslar orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Respublikamizda virtual olamdagi qonunbuzarliklarning aksariyati 16-23 yosh oralig‘idagi yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, kiberxavfsizlikni ta’minlash masalasi bugun har qachongidan ham dolzarbdir.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan yoshlar o‘rtasida bunday holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kiberjinoyatchilikning huquqiy oqibatlari haqida ma’lumotlar berilib, kelgusida hamkorlikda qilinadigan ishlar belgilab olindi.

NukusDPI matbuot xizmati.