NukusDPI rektori Tarix fakulteti talabalari bilan ochiq muloqot qildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Quvondiq Qodirov “Rektor va yoshlar” uchrashuvi doirasida institutning Tarix fakulteti talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Rektor dastlab mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi va o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, bunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari haqida so‘zlab, 90 yillik tarixga ega bo‘lgan institutda yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish yo‘nalishida bajarilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, institutni har tomonlama rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasining asosiy bandlarini yoshlarning fikr-takliflari asosida shakllantirish maqsadida ushbu formatdagi uchrashuvlarni barcha fakultetlar kesimida o‘tkazayotganini aytib, yoshlarning bu boradagi tashabbuslarini eshitish va qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda fakultet talaba-yoshlari yozgi ta’til davrida qiziquvchi yoshlar o‘rtasida tarix yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish va bu borada Qoraqalpog‘iston tajribasini amaliyotga joriy etish, tarixiy-arxeologik joylarga amaliyot bilan birgalikda madaniy sayohatlar tashkil etish, xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini o‘quv jarayoniga jalb etish, shuningdek, talabalarning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bilimini oshirishni yo‘lga qo‘yish, o‘quv adabiyotlari sonini ko‘paytirish, sport to‘garaklari faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratish va moddiy-texnik ta’minot darajasini yaxshilash bo‘yicha rektorga o‘zlarining takliflarini bildirdi.

Institut rektori bildirilgan har bir taklif bo‘yicha tegishli tartibda amaliy ishlar olib borilishini ta’kidlab, yoshlarni doimo yurtimiz rivojiga hissa qo‘shadigan, yuqori salohiyatga ega mutaxassislar bo‘lib yetishishga harakat qilishdan to‘xtamaslikka, o‘z ustida izlanib, qobiliyatlari, bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishga chaqirdi.

NukusDPI matbuot xizmati.