Talabalar turar joyida “Jo‘xori gurtik kuni” ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 25-fevral – Jo‘xori gurtik kuni yuqori tashkilotchilik bilan o‘tkazilmoqda.
Institutning “Argoniya” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan talabalar turar joyida bayram munosabati bilan qoraqalpoq xalqining milliy taomi – jo‘xori gurtik tayyorlandi.
Talabalar turar joyi direktori Miyuagul opa Qallibekova tashabbusi bilan ushbu bayram uch yildan buyon muntazam ravishda ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanishi an’anaga aylangan.
– Har yili talabalar turar joyida ushbu bayramni nishonlab, talabalar bilan birgalikda jo‘xori gurtik tayyorlab, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan urf-odatlar, an’analar va qadriyatlar haqida suhbatlashamiz, o‘zaro fikr almashib, tariximiz va madaniyatimiz haqida ma’lumotlar beramiz. Bu bayram viloyatlardan kelgan talabalar o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otadi. Ular qoraqalpoq xalqining milliy taomi jo‘xori gurtik va uning tayyorlanishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Albatta, bu bayram orqali biz yurtimizning o‘ziga xos madaniyati, tarixi, urf-odatlari va milliy taomimiz hisoblangan jo‘xori gurtikni dunyoga tanitishga hissa qo‘shamiz, – deydi biz bilan suhbatda Miyuagul opa.
Bayram kechasida institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov ishtirok etib, yoshlarimiz orasida milliyligimizni targ‘ib qilishga hissa qo‘shayotgan talabalar turar joyi jamoasiga va pedagog-tarbiyachilariga minnatdorchilik bildirdi.
Bayram tadbirida institut talabalari milliy liboslarda xalqimizning qiz-yigitlar aytishuvini o‘tkazib, shu bilan birga, milliy an’analarimiz, ularning tarixi haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida talabalar turar joyi jamoasi, nuroniy onaxonlar va yoshlar birgalikda milliy taom – jo‘xori gurtikni tayyorlab, bayram dasturxoniga tortdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 2023-yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida 25-fevral jamoatchilik tashabbusi asosida “Jo‘xori gurtik kuni” sifatida xalqimiz orasida keng tarzda nishonlanib kelinmoqda.
Har yili shu sanada xalqimiz katta hamjihatlik namunasini ko‘rsatib, nafaqat oilalarda dasturxon atrofida, balki mehnat jamoalari, o‘quv yurtlari, kafe va restoranlarda ham yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilmoqda.
Albatta, bunday tashabbuslar ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan an’analarni kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
NukusDPI matbuot xizmati.