Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida media-tur tashkil etildi

 

Bugun, 27-fevral kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati tomonidan respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar uchun institutda talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etilgan o‘quv laboratoriyalari va amaliyot markazlariga media-tur tashkil etildi.

Institutda talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini oshirish orqali malakali kadrlar bo‘lib yetishishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Media-tur ishtirokchilari dastlab texnologik ta’lim kafedrasi o‘quv-ustaxonasiga tashrif buyurdi. O‘quv-ustaxonasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-noyabrdagi «Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Oliy ta’lim muassasalarining texnik bazasini mustahkamlash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida jami 70 ming AQSH dollariga yaqin mablag‘ hisobidan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Ushbu o‘quv-ustaxonasining oshpazlik, temir va yog‘ochga ishlov berish, tikuvchilik kabi xonalarida talabalar nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlamoqda. Bu yerda o‘quv va amaliyot darslaridan tashqari, talabalar uchun to‘garak ishlari ham olib boriladi. 100 dan ortiq talabalar ushbu to‘garaklarda bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazmoqda. Ayni paytda ustaxonada robototexnika bo‘yicha amaliyot xonasini tashkil etish ishlari ko‘rib chiqilmoqda.

Tabiiy fanlar fakulteti biologiya ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun tashkil etilgan o‘quv laboratoriyasi media-turning ikkinchi manzili bo‘ldi. Bu yerda talabalar, magistrantlar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarning laboratoriya ishlarini olib borishi uchun Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 592 million so‘m, shuningdek, 27 ming AQSH dollari miqdoridagi eng so‘nggi zamonaviy laboratoriya texnikalari va asbob-uskunalari keltirildi.

Media-tur ishtirokchilari institutning 90 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan yangi o‘quv binosida bo‘lib, bu yerda Fizika-matematika fakultetining mexanika, molekulyar fizika, optika, elektromagnetizm, atom va elementar zarralar fizikasi, fizika o‘qitish metodikasi darslariga mo‘ljallangan laboratoriya xonalari bilan tanishdi.

Fakultetdagi laboratoriya xonalari 2019-yilda Germaniya Federativ Respublikasining «LD Didactic GmbH» kompaniyasi tomonidan olib kelingan asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar laboratoriya mashg‘ulotlarini belgilangan grafik asosida o‘tib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Ayni paytda fakultetda atom va elementar zarralar fizikasi, astronomiya va astrofizika fanlaridan laboratoriya ishlari uchun foydalaniladigan asbob-uskunalarni olib kelib o‘rnatish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Media-tur davomida jurnalistlar va jamoatchilik faollariga o‘quv laboratoriyalari bilan birgalikda ilmiy laboratoriyalarning ishlarini yo‘lga qo‘yish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi. 

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.