Dunyoning “TOP-163” ro‘yxatiga kirgan Al-Farobiy universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Quvondiq Qodirov xizmat safari doirasida Qozog‘iston Respublikasining eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universitetiga tashrif buyurdi.
Universitetning Boshqaruv Raisi – Rektor Janseyit Tuymebayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, investitsiyaviy aloqalar bilan bir qatorda ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
Albatta, oliy ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi aloqalarni yanada takomillashtirish va mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish – bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.
Ikki oliy ta’lim muassasasi rahbarlari hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidlab:
– akademik mobillik;
– ikki diplomli qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
– professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish;
– institutda Al-Farobiy universiteti filialini ochish;
– xalqaro va mahalliy grant loyihalarida ishtirok etishda professor-o‘qituvchilarning birgalikda faoliyat olib borishi kabi masalalar bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida suhbatlashdi.
Uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
Al-Farobiy universiteti rektori Janseyit Tuymebayev tuzilgan memorandum ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishi ekanligini ta’kidlab, kelgusida ilmiy-pedagogik yo‘nalishdagi ishlarni mustahkamlashga asos bo‘lishiga ishonch bildirdi.
O‘z navbatida, institut rektori Quvondiq Qodirov yuksak ehtirom uchun universitet rektoriga minnatdorlik bildirib, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar ikki oliy ta’lim muassasasining ham rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida tomonlar bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni samarali amalga oshirish bo‘yicha birgalikda qilinadigan ishlarni belgilab oldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
