NukusDPI rektori Al-Farobiy universitetining ilmiy-ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishdi
Avval xabar berganimizdek, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Quvondiq Qodirov xizmat safari doirasida Qozog‘iston Respublikasining eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universitetiga tashrif buyurib, universitet Boshqaruv Raisi – Rektor Janseyit Tuymebayev bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Uchrashuvdan so‘ng rektor Janseyit Tuymebayev institut rektori Quvondiq Qodirovga universitetda ilmiy-ishlab chiqarish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan “Farabi Hub” innovatsion markazi faoliyati bilan tanishtirdi.
Bu yerdagi keng ko‘lamli ma’lumotlarni qayta ishlash, sun’iy intellekt, robototexnika va boshqa yuqori texnologik sohalarda qo‘llaniladigan texnologiyalar va uskunalar institut delegatsiyasi a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi, Fransiya va Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etilgan innovatsion loyihalar bilan tanishib, institut professor-o‘qituvchilarini ushbu markazda tajriba almashish va malakasini oshirish hamda hamkorlikda ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
NukusDPI matbuot xizmati.