Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun bepul tayyorlov kurslari tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tomonidan respublikamizning Bo‘zatov, Chimboy va Ellikqal’a tumanlarida yashovchi kam ta’minlangan va kambag‘al oilalarning bitiruvchi sinflarda o‘qiyotgan farzandlari uchun bepul tayyorlov kurslari tashkil etildi.

Shu maqsadda dastlab yuqorida qayd etilgan tumanlarda yashovchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning 17-19 yoshdagi farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumotlari asosida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlov kursiga qamrab olinadigan bitiruvchi sinf o‘quvchilarining ro‘yxati ishlab chiqildi.

Ro‘yxat asosida jami uchta tumandagi 92 ta shunday oilalarning farzandlari bilan individual aloqa o‘rnatilib, o‘quvchi-yoshlarning qaysi fan bo‘yicha tayyorlov kursida o‘qishga ehtiyoji borligi aniqlandi va tashkiliy ishlar olib borildi. Buning uchun har bir tumanga institut professor-o‘qituvchilaridan tegishli mas’ullar biriktirildi.

Shunday qilib, Bo‘zatov tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda, Chimboy tumanidagi 14-, 36-, 38-, 40-sonli va ixtisoslashtirilgan maktabda, Ellikqal’a tumanidagi institutning pedagogika fakultetida bepul tayyorlov kurslari ish boshladi.

Tegishli kafedralar rahbarlari tomonidan tayyorlov kurslari uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Institutning bir qator professor-o‘qituvchilari belgilangan tumanlarda o‘quvchilar uchun tayyorlov kurslarini o‘tib keldi. Shu bilan birga, har bir tumanda haftasiga ikki martadan tayyorlov kursini davom ettirish maqsadida yuqori malakali umumta’lim fanlari o‘qituvchilari shartnoma asosida o‘quvchilarga ta’lim bermoqda. Ularga institut hisobidan soatbay ish haqi to‘lash yo‘lga qo‘yildi.

NukusDPI matbuot xizmati.