Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 6-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institut rektori Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, yangilanish va yasharish darakchisi bahor ayyomi bugungiday go‘zallik bayrami bilan boshlanayotganini alohida ta’kidlab, yig‘ilganlarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabrikladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvida, oiladagi o‘rni va rolini oshirish, o‘qishi, ta’lim olishi, ilmiy-tadqiqot, shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Bayram kechasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomdor davlat stipendiyalari hamda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi stipendiya tanlovlari g‘oliblariga diplom va statuetkalar, shuningdek, o‘qishda, jamoat ishlarida faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh talabalar va magistrantlarga faxriy yorliqlar topshirildi.

Kecha institutning “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talabalari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.