Ayollar uchun bayram dasturxoni yozildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan institutda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun bayram dasturxoni yozildi.
Tadbirda institut rektori Quvondiq Qodirov va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston kengashi raisi Ulug‘bek Jalmenov so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarning oiladagi, jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash, ularning o‘qishi, ishlashi, ilmiy-tadqiqot va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib, barcha xotin-qizlarni bayram bilan tabrikladi.
Ilmiy-pedagogik ishlarda, yoshlar ta’lim-tarbiyasida, shuningdek, jamoat ishlarida alohida faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar hamda mutaxassislarga institut rektorining faxriy yorlig‘i va bayram sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng xotin-qizlar bayram dasturxoniga taklif etilib, ularga gullar sovg‘a qilindi.
Musiqa ta’limi kafedrasi o‘qituvchilari va iqtidorli talabalar, shuningdek, estrada vakillari ijrosidagi konsert dasturi bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Ayol-qizlar jo‘shqin qo‘shiqlarga raqsga tushib, bayramni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
